Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi tomonidan “Portfolio Investments” konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilgan holda “Avtooyna” MChJ (keyingi oʻrinlarda - Aktiv) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari boshlangan.
Xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 8 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi va barcha talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi.
Ushbu bosqichda, talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due-diligence) hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Aktivning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan muddatlarda 4 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan.
Natijada, Aktivni sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Uet Invest” MChJ 200,5 mlrd soʻm sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi. “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasida belgilangan imkoniyatdan foydalangan holda Xaridor tomonidan sotib olish to'lovining dastlabki 35 foizini 1 oy davomida amalga oshiradi.
Shu bilan birga, Aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi "Bosh Alyans" kelishuvida oʻrnatilgan talablar hamda boshqa tegishli kelishuv va cheklovlarga qatʼiy rioya qilish kabi shartlar Xaridor tomonidan qabul qilingan.
Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Aktivning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda baholangan qiymatidan yuqori.
Aktivni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Maʼlumot uchun:
“Uet Invest” MChJ turli elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sanoat inshootlari, yoʻllar, nasos stansiyalari, aeroportlar, koʻpriklar, koʻchmas mulk va fuqarolik infratuzilmalari kabi yoʻnalishlarda loyihalash, xarid va qurilish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha katta tajribaga ega “Uet construction” MChJ taʼsischiligida tashkil etilgan.
Shuningdek, “Uet construction” MChJning 2024-yil yakuni boʻyicha sof foydasi qariyb 300 mlrd. soʻmni tashkil qiladi.

