Yangiliklar

04 Noyabr 2026

O‘ZBEKISTON DELEGATSIYASI DAVLAT AKTIVLARI BO‘YICHA GERMANIYANING ILG‘OR TAJRIBASINI O‘RGANMOQDA

Germaniya Federativ Respublikasiga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligini oshirish hamda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir ilg‘or yondashuvlarni atroflicha o‘rganmoqda.

Birinchi ish kunining asosiy tadbirlaridan biri, Germaniya Federal moliya vazirligiga tashrif bo‘ldi. Vazirlik raxbariyati bilan doktor Kristina Klass va GIZ loyihasi direktori doktor Bertold Folberg bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi davlat aktivlarini boshqarishning institutsional asoslari, shuningdek, davlat tomonidan mulkdor funksiyalarini amalga oshirishning amaliy mexanizmlari bilan tanishdi.

Korporativ boshqaruv samaradorligini oshirish va davlat korxonalari boshqaruv organlarining masʼuliyatini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mavzuga oid seminar doirasida kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil etish, ularning hisobdorligini taʼminlash, aʼzolarning vakolat va masʼuliyatini belgilash, shuningdek, davlatning mulkdor sifatidagi funksiyalarini va korxonalarning operativ boshqaruvini bir-biridan ajratish bo‘yicha Germaniya yondashuvlari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida, shuningdek, davlat ulushlarini boshqarishning huquqiy va institutsional mexanizmlari, Germaniya korporativ boshqaruv kodeksining (DCGK) asosiy tamoyillari va ularni O‘zbekiston davlat sektorini isloh qilish sharoitida amalda qo‘llash imkoniyatlari o‘rganildi.

Olmon tajribasini o‘rganish O‘zbekiston davlat korxonalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, korporativ boshqaruv sifatini oshirish, institutsional masʼuliyatni mustahkamlash va davlat aktivlaridan samarali foydalanishni taʼminlash bo‘yicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya vakillari, shuningdek, Germaniya Federal ko‘chmas mulkni boshqarish agentligi (BImA) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston tomoni agentlik faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, uning tashkiliy modeli hamda davlat ko‘chmas mulkini samarali boshqarishga oid yondashuvlar bilan tanishdi.

Ushbu amaliy tashrif O‘zbekiston va Germaniyaning sohaviy davlat institutlari o‘rtasidagi professional muloqotni mustahkamlashga, amaliy bilimlar almashinuvini kengaytirishga hamda davlat aktivlarini boshqarishning xalqaro standartlarini joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Olingan bilimlar va o‘rganilgan amaliyotlar davlat aktivlarini boshqarishning milliy modelini yanada takomillashtirish, boshqaruv jarayonlarining shaffofligini oshirish hamda masʼuliyatli davlat mulkdorining samarali faoliyati tamoyillarini mustahkamlash uchun muhim asos bo‘ladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifi 5-noyabrgacha davom etadi. Keyingi kunlarda davlat ko‘chmas mulki va yer resurslarini boshqarish, shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha olmon tajribasini o‘rganish rejalashtirilgan.

 
7 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech