Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ QK (keyingi oʻrinlarda - SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish belgilangan.
2024-yil iyun oyida Turkiya Respublikasiga boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tashrif doirasida “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ QK ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha Turkiyaning “Anadolu Isuzu” kompaniyasi bilan Anglashuv memorandumi imzolangan.
Xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida Davlat aktivlari agentligi tomonidan moliyaviy konsultant sifatida “KPMG” xalqaro kompaniyasi hamda yuridik konsultant sifatida “Dentons” xalqaro kompaniyasi jalb etilgan.
Maʼlumot uchun: “Anadolu Isuzu” kompaniyasi – 1965-yilda “Anadolu Group” (Çelik Montaj) kompaniyalar guruhi (holding) korxonalari tarkibida tashkil etilgan.
“Anadolu Group” kompaniyalar guruhi (holding) 2021-yilda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan” MChJ ustav kapitalidagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgan hamda oʻtgan davrda 250 mln dollar investitsiya (2 ta yirik zavod qurilishi va 1 ta zavod modernizatsiya ishlari) kiritilgan.
“Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ Qoʻshma korxonaning qolgan ishtirokchilari “ITOCHU CORP.” va “ISUZU MOTORS Ltd.” kompaniyalari (Yaponiya) (12,4 foizdan) hisoblanib, taʼsis hujjatlari bilan Oʻzbekiston ulushini oʻzgarishi (sotilishi) bilan bogʻliq barcha harakatlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilishi belgilangan. Oʻz navbatida, ushbu ishtirokchilar tomonidan davlat ulushini “Anadolu Isuzu” kompaniyasiga sotilishi qoʻllab-quvvatlangan.
Jamiyatning moliyaviy, soliq va huquqiy jihatdan oʻtkazilgan kompleks tahlillar (due-diligence) va muzokaralar natijasida Turkiyaning “Anadolu Isuzu” tomonidan 80 mln AQSH dollari sotib olish qiymati hamda 80 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish rejasini oʻz ichiga oluvchi yakuniy taklifi qabul qilindi.
Investitsiya majburiyati doirasida Oʻzbekistonda katta sigʻimli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat boʻylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish koʻzda tutilgan. Bu tashabbus Oʻzbekistonda mintaqaviy transport xabini shakllantirishga xizmat qiladi.
Investorning narx taklifi moliyaviy konsultant “KPMG” tomonidan “SamAuto”dagi davlat ulushini sotish mumkin boʻlgan narxlar oraligʻida joylashgan va xalqaro mustaqil baholovchi “PwC” xalqaro kompaniyasi tomonidan aniqlangan qiymatga muvofiq.
Xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Shu bilan birga, bitimni yakunlash Turkiya tartibga soluvchi organlari ruxsatnomalarini talab qiladi.

