Endi o‘zingizga tegishli yerni xususiylashtirishingiz mumkin: qanday qilib va qancha to‘laysiz?
O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan) yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.
Xo‘sh, aholi o‘ziga tegishli yerlarni qanday xususiylashtiradi, bu nima uchun muhim, xususiylashtirish to‘lovi qanchaga tushadi?
Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli-uylar (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?
Bugungi kungacha yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun berish, ya’ni auksion orqali sotish amaliyoti mavjud edi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun asosida 3ta tartib ishlab chiqildi:
- Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;
- tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksionga qo‘yish;
- yakka tartibdagi uy-joylarning yer uchastkalarini mulk huquqi asosida sotib olish.
Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin bo‘lmaydi).
Bugungi kunda fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan noturar joy obektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Ya’ni bino o‘zingizga tegishli bo‘lsa ham, uning yeri sizga tegishli emas edi.
Mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun endi jismoniy va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazlari (DXM)ga yoki Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz) orqali ham murojaat qilishi mumkin. Ariza Kadastr agentligi va Qurilish bo‘limlariga yo‘naltiriladi. Kadastr bo‘limlari o‘z navbatida ushbu yer uchastkasi ariza bergan fuqaroning nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo‘qmi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiradi. O‘sha yer uchastkasi o‘zgarmagani, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudligi haqidagi ma’lumotlarga to‘liq mos kelishi, taqiq va cheklovlar mavjud emasligi – xususiylashtirishga monelik qilmaydigan barcha tomonlar tekshirib chiqiladi.
Ikkinchi tomondan, qurilish bo‘limlari yer uchastkasi hududi shaharsozlik me’yorlariga mos kelishi, xususiylashtirish uchun mumkinligini o‘rganadi. Barcha tekshiruvlardan o‘tgandan keyin fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, ya’ni xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma orqali xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshiradi.
Yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lanadi?
Arizaga ijobiy javob berilganda, yer uchastkasiga hisoblangan yillik soliq summasining viloyat markazida 10 baravari, qolgan hududlarda 5 baravari miqdorida to‘lov to‘lashning o‘zi kifoya va yer sizning mulkingizga aylanadi.
Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zi sotib olishi mumkin. Bu auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yer uchastkalari esa auksion savdolari orqali shaffof tarzda sotib olinadi.
Birinchidan, yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz.
Deylik, “hovlimning bir qismini o‘g‘limga hadya qilmoqchiman yoki kimgadir bermoqchiman, yarmini sotmoqchiman”, deysiz. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yer uchastkasini qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi. Qanchasini kimga sotishi mulkdorning xohishi, yer – o‘ziniki.
Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib olishi mumkin.
Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk huquqidan boshqa 5ta huquqqa tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan (xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib qo‘ya olmaydi.
Agar yer uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer davlatga o‘tadi. Yer “snos”ga tushib ketmaydi. Bu – mulk huquqining kafolatlanishi.
Davlatga yer kerak, baribir olib qo‘yadi, men sotishga rozi bo‘lmasam ham, shundaymi?
Yer kodeksida yer bu davlat mulki degan narsa yo‘q, yer – umummilliy mulk deyiladi.
Chet elda ham yer uchastkangiz 100 million so‘m turadigan bo‘lsa, sizga shunday taklif beriladiki, siz unga rozi bo‘lasiz, siz rozi bo‘lsangiz, shartnoma asosida sotib oladi.
Turkiyada ham shunday holat bo‘lgan. Aeroport qurilayotganda davlat bir cholning yerini sotib ololmagan. Butun loyiha bir necha yilga kechikib ketgan. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Siz xohlasangiz, yeringizni sotasiz.
Uchinchidan, yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz.
Qonunchilikda shu kungacha mulk huquqi yer uchastkasiga nisbatan bo‘lmagan. Yer uchastkalarini qo‘shib yuborish, ajratish va qayta taqsimlash mexanizmlari bor. Shu mexanizmlar yer uchastkasiga mulk huquqi bo‘lgandagina ishlaydi. Bu O‘zbekiston sharoitida yangi narsa bo‘lgani uchun buning samarasi 1-2 kunda ko‘rinmaydi. Buning uchun ma’lum hududda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi ko‘paysa, mexanizmlar effektini ko‘ramiz.
Oddiy misol, chet elda shunaqa holatlar bor, bir hududda 20ta yer uchastkasi bor, umumiy narxi 1 mln dollar. Shaharsozlik ehtiyojlariga qarab 20 ta yer uchastkasi egalari kelishib, yer uchastkasini qayta taqsimlash hisobiga yer narxini 3-4 barobar qimmatga oshirishi mumkin. Bunda umumiy narx 3-4 millionga yetadi. Buni endi aholi tig‘iz joylarda ko‘rish mumkin.
To‘rtinchidan, yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati
Yerga nisbatan mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov obekti sifatida ham foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib ipoteka olish imkoniyati ham yuzaga keladi.

