Yangiliklar

27 Avgust 2026

Davlat ko‘chmas mulkini boshqarish bo‘yicha Germaniya tajribasi o‘rganildi

27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Germaniya Federal ko‘chmas mulk instituti (BImA), Germaniya Federal moliya vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Indecon Consulting vakillari ishtirokida davlat ko‘chmas mulkini boshqarish masalalariga bag‘ishlangan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.

 

Seminarning asosiy maqsadi davlat ko‘chmas mulkini boshqarish sohasida Germaniya tajribasini o‘rganishzamonaviy boshqaruv mexanizmlari va amaliy yondashuvlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

 

Tadbirni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ochib berib, quyidagilarni ta’kidladi: “Germaniya davlat mulkini boshqarish sohasida uzoq yillik va tizimli tajribaga ega. BImAning institutsional tuzilmasi hamda mulkni baholash, sotish va ijaraga berish borasidagi shaffof mexanizmlari biz uchun o‘ta qimmatli o‘rganish manbaidir. Germaniyaning boy institutsional tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy, raqamli va shaffof boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.”

 

 

Tadbir davomida BImAning davlat ko‘chmas mulkini markazlashgan holda boshqarishdagi o‘rni va faoliyati, shuningdek, ushbu sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy boshqaruv yondashuvlari haqida ma’lumot berildi.

 

Jumladan, BImA vakillari Jorg Muzial va Robert Erfen Germaniyada federal davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimi, obyektlarni samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tajribani taqdim etdilar. Seminar davomida davlat ko‘chmas mulki obyektlarini markazlashgan boshqaruvga o‘tkazish, aktivlarning raqamli reyestrlarini yuritish, obyektlarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan davlat mulkini iqtisodiy muomalaga jalb etish bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilindi.

 

 

Germaniya Federal moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i D-r Klas Kristina o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Bugungi kunda O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish tizimini takomillashtirish va xususiylashtirish sohasida jadal islohotlarni amalga oshirmoqda. Davlat mulkini yanada samarali va zamonaviy boshqarish, xususiy sektorning rolini kengaytirish hamda aktivlar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy etish borasida izchil qadamlar tashlanmoqda. Biz uchun Germaniya tajribasi bilan o‘rtoqlashish barobarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish ham muhim.”

 

Seminarda, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi ko‘p yillik hamkorlikning bugungi kundagi ahamiyati qayd etildi. Ushbu hamkorlik doirasida davlat ko‘chmas mulkini boshqarish bo‘yicha tajriba almashinuvi uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

 

Birinchi bosqichda Agentlik mutaxassislari uchun onlayn o‘quv seminarlarini tashkil etish, ikkinchi bosqichda Germaniya ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, uchinchi bosqichda esa Agentlik delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifini tashkil etib, BImA faoliyati va davlat ko‘chmas mulkini boshqarish mexanizmlarini bevosita o‘rganish ko‘zda tutilgan.

 

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda davlat ko‘chmas mulkini boshqarish sohasida ilg‘or tajribani o‘rganish va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

 

Mazkur seminar O‘zbekistonda davlat aktivlarini, xususan, davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

4 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech