Yangiliklar

06 Avgust 2025

“UZ CHASYS” MChJ ustav kapitalidagi 70% davlat ulushini ochiq savdo jarayonlari yuzasidan maʼlumot

Avval xabar qilinganidek, “UZ CHASYS” MChJ ustav kapitalidagi 70 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) ochiq savdo jarayonlarining dastlabki – Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Expression of Interest, EoI) bosqichi boshlangan.

 

Mazkur jarayonni tashkil etish uchun “Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.

 

Dastlabki bosqich doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing va targʻibot ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Belgilangan muddat – 2025-yil 1-avgustga qadar, 5 nafar xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI) Konsultantga taqdim etildi.

 

Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalar quyidagi avvaldan belgilangan mezonlar asosida oʻrganib chiqildi:

  • talabgorlarning moliyaviy imkoniyatlarining yetarliligi;
  • huquqiy toʻsiqlar mavjud emasligi;
  • jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya etilishi;
  • talabgorlarning Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiya roʻyxatlariga kiritilmaganligi.

 

Tahlil natijalariga koʻra, Konsultant tomonidan barcha talabgorlar ushbu mezonlarga toʻliq muvofiq deb topildi hamda xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (Binding Offer, BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi. Talabgorlarga jarayon toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumot alohida individual xat orqali (Process Letter) Konsultant tomonidan yuboriladi.

 

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida:

 

Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan barcha talabgorlar:

  • Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolashlari talab etiladi;
  • Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyatiga oid maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyatiga ega boʻladi;
  • Aktivga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2025-yil 3-sentabr Toshkent vaqti bilan soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

 

Talabgorlar ushbu muddatga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali oʻz qatʼiy narx takliflarining qiymatini kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (Security payment) sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning maxsus hisob raqamiga oʻtkazishi talab etiladi. Kafolat toʻlovi talabgor:

  • gʻolib deb topilmagan hollarda qaytariladi,
  • gʻolib deb topilgan taqdirda – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida hisobga olinadi.

 

Shaxsiy kabinet rekvizitlari va foydalanish tartibi boʻyicha batafsil maʼlumot ishtirokchilarga Konsultant tomonidan yuboriladigan individual xat (Process Letter) orqali taqdim etiladi.

 

Aktivni sotib olish boʻyicha shartlar:

  1. Aktivni oldi-sotdi shartnomasi rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab, korxonaning asosiy faoliyat yoʻnalishini kamida 10 (oʻn) yil davomida saqlab qolish. Bu muddat mobaynida:
    • mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi litsenziya shartnomalariga,
    • “General Motors” texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha Bosh Alyans shartnomasi talablari va cheklovlariga qatʼiy rioya qilinishi talab etiladi.
  2. Korxonada mavjud ish oʻrinlari va xodimlar soni kamida 2 (ikki) yil mobaynida saqlab qolinishi (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), ish haqi fondi miqdori kamaytirilmasligi va jamoa shartnomasi shartlari yomonlashtirilmasligi.

 

Shuningdek, Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni qabul qilish (BO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan Aktivni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar toʻgʻrisida Bitim (“Term Sheet”) imzolanadi.

 

Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayonlariga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

 

Diskleymer

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments”ning Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) savdo jarayonlarining bosqichlari boʻyicha oʻzgartirish kiritish;

(iii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iv) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(v) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

80 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech