Yangiliklar

26 Avgust 2025

“Oʻzagrosugʻurta” AJning ustav kapitalidagi 99,35 davlat ulushining ochiq savdo jarayonlari yuzasidan axborot

Joriy yil 10-iyuldagi eʼlonga muvofiq“Oʻzagrosugʻurta” AJ ustav kapitalidagi 99,35 foiz davlat aksiyalar paketini (keyingi oʻrinlarda — Aktiv) sotish boʻyicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

 

Oʻtgan davrda mazkur xususiylashtirish jarayoni boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot tadbirlari doirasida “Deloitte” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsultant) tomonidan salohiyatli va moliyaviy investorlarga Aktiv boʻyicha investitsiya tizerlari yuborildi.

 

Natijada, belgilangan muddat — 2025-yil 22-avgust soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar ta investorlardan aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI) Konsultantga kelib tushdi.

 

Konsultant tomonidan arizalar mazkur bosqichda belgilangan mezonlar asosida tahlil etildi:

  • moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi;
  • huquqiy toʻsiqlar mavjud emasligi;
  • jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilish holati;
  • Yevropa Ittifoqi, AQSH va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari roʻyxatlariga kiritilmaganligi;
  • davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi.

 

Tahlil natijalariga koʻra, Konsultant tomonidan barcha talabgorlar ushbu mezonlarga toʻliq muvofiq deb topildi hamda xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi. Talabgorlarga jarayon toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumot alohida individual xat (Process Letter) orqali Konsultant tomonidan yuboriladi.

 

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida:

 

Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan barcha talabgorlar:

  • Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolashlari talab etiladi;
  • Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyatiga oid maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyatiga ega boʻladi;
  • Aktivga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Konsultant tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2025-yil 15-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar qabul qilinadi.

 

Talabgorlar ushbu muddatga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali oʻz qatʼiy narx takliflarining qiymatini kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (Security payment) sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning maxsus hisob raqamiga oʻtkazishi talab etiladi. Kafolat toʻlovi talabgor:

  • gʻolib deb topilmagan hollarda qaytariladi,
  • gʻolib deb topilgan taqdirda – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida hisobga olinadi.

 

Shaxsiy kabinet rekvizitlari va foydalanish tartibi boʻyicha batafsil maʼlumot ishtirokchilarga Konsultant tomonidan yuboriladigan individual xat (Process Letter) orqali taqdim etiladi.

 

Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayonlariga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

 

Diskleymer

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligi va “Deloitte”ning Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi va “Deloitte” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) savdo jarayonlarining bosqichlari boʻyicha oʻzgartirish kiritish;

(iii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi va “Deloitte” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iv) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(v) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

75 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech