Yangiliklar

14 Oktyabr 2025

“OʻzBAT A.O.” QK AJ ustav kapitalidagi 2,6 foiz davlat aksiyalar paketining xususiylashtirilishi toʻgʻrisida axborot

Tegishli xususiylashtirish dasturiga asosan “OʻzBAT A.O.” QK AJ (keyingi oʻrinlarda – OʻzBAT) ustav kapitalidagi 2,6 foiz davlat aksiyalar paketi xususiylashtirilishi belgilangan.

 

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan aksiyadorlarning soni ellik nafardan oshmasa, jamiyat ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, oʻz aksiyalarini sotayotgan aksiyador aksiyalarini sotish niyati toʻgʻrisida boshqa aksiyadorlarni aksiyalarning narxini va uchinchi shaxsga taklif etish shartlarini koʻrsatgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri yoxud jamiyat orqali yozma shaklda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.

 

OʻzBAT Ustavida aksiyadorlarning aksiyalarni sotib olishda imtiyozli olish huquqi qismida OʻzBAT aksiyadorlari oʻzlariga tegishli boʻlgan aksiyalar soniga mutanosib ravishda, boshqa aksiyadorlar tomonidan uchinchi shaxsga taklif etilgan narx va shartlarda sotilayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli olish huquqqa ega ekanligi hamda boshqa aksiyadorlar oʻzining ustuvor huquqidan foydalanmagan taqdirda, OʻzBAT aksiyadorlar tomonidan sotilayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli olish huquqqa ega boʻlishi belgilangan.

 

 

OʻzBAT ustav kapitalidagi 2,6 foiz davlat aksiyalar paketi mustaqil baholovchi tashkilot jalb qilingan holda baholangan va baholash hisobotining haqqoniyligi ekspertizadan oʻtkazilgan.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan OʻzBAT aksiyadorlari hamda OʻzBAT yuqoridagi aksiyalar paketini baholangan qiymatda imtiyozli huquqda sotib olishi mumkinligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilingan.

 

Oʻz navbatida, OʻzBATning xorijiy aksiyadori BAT Uzbekistan (Investment) Limited kompaniyasi (Buyuk Britaniya) tomonidan imtiyozli huquqdan foydalangan holda OʻzBAT ustav kapitalidagi 2,6 foiz davlat aksiyalar paketini baholangan qiymatda sotib olish istagini bildirilgan.

 

 

Shunga koʻra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va BAT Uzbekistan (Investment) Limited kompaniyasi oʻrtasida 2025-yil 29-sentabrda OʻzBAT ustav kapitalidagi 2,6 foiz davlat aksiyalar paketi BAT Uzbekistan (Investment) Limited kompaniyasiga baholangan qiymatda, 269,7 mlrd soʻmga sotish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

 

Oʻz navbatida, mazkur shartnomaga muvofiq joriy yil sentabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xususiylashtirish jamgʻarmasiga kelib tushgan ushbu mablagʻlar qonunchilikda belgilangan tartibda respublika byudjetiga oʻtkazilgan.

30 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech