Davlat mulkini xususiylashtirishni davom ettirish — O‘zbekiston uchun nihoyatda zarur chora. Davlat hanuzgacha iqtisodiyotning potensial raqobat mavjud bo‘lgan tarmoqlarida faoliyat yurituvchi ko‘plab korxonalar va moliya muassasalariga egalik qiladi yoki ularning ustav kapitalida ulushga ega. Bunday tashkilotlar esa xususiy tijorat tashkilotlari bo‘lishi lozim.
Davlatning mulkka egalik qilishdagi hozirgi ustun mavqei iqtisodiyotni rivojlantirish uchun nihoyatda zararli, chunki davlat — yomon mulkdor va yomon menejer, ayniqsa davlat korxonalarini boshqarayotgan mansabdor shaxslar ustidan samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari mavjud bo‘lmagan sharoitda. Mulkning undan samarali foydalanish va uning qiymatini oshirishdan manfaatdor bo‘lgan haqiqiy egasi bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, davlat kompaniyalarining mavjudligi ular faoliyat yuritayotgan tarmoqlarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga imkon bermaydi. Raqobat esa bozor iqtisodiyotida iqtisodiy rivojlanish va raqobatbardoshlikni ta’minlashning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanligi yaxshi ma’lum.
Davlatning mulkchilik va xo‘jalik jarayonlaridagi ishtirokini keskin qisqartirmagunimizcha, O‘zbekiston iqtisodiyotini bozor iqtisodiyoti deb hisoblab bo‘lmaydi. Shu bois xususiylashtirishni davom ettirish mamlakat uchun katta ahamiyatga ega.
Xususiylashtirish qoidalarini takomillashtirish ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Taklif etilayotgan yangiliklar, shubhasiz, foydali, chunki ular xususiylashtirish jarayonidagi xarajatlarni kamaytiradi va potensial xaridorlarning savdolarda ishtirok etishini osonlashtiradi. Biroq xususiylashtirishning avvalgi tajribasi va yuzaga kelgan muammolarni, men ikki yil avvalgi maqolamda yoritgan masalalarni hisobga olgan holda, ommaviy savdolar jarayonini yanada shaffof va raqobatbardosh qiladigan qo‘shimcha mexanizmlarni nazarda tutish zarur, deb hisoblayman.
Xususan, quyidagilarni ta’minlash zarur:
- savdolarni o‘tkazish qoidalari oldindan aniq belgilanishi va jarayon davomida o‘zgartirilmasligi;
- savdolarning g‘olibi faqat bitta mezon — savdoga qo‘yilgan mol-mulk uchun taklif etilgan eng yuqori narx asosida aniqlanishi;
- xususiylashtirish jarayonida yangi mulkdor uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlardan voz kechilishi. Bunday majburiyatlar korrupsiya uchun manba bo‘lib, xususiylashtirish yakunlarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini yaratadi (bu haqda yuqorida qayd etilgan maqolamda batafsil yozganman);
- xususiylashtirish jarayoni ustidan jamoatchilik nazorati — qonun chiqaruvchi hokimiyat, fuqarolik jamiyati, tadbirkorlar uyushmalari va ekspertlar hamjamiyati tomonidan — savdo qoidalarini belgilashdan tortib, ularning g‘oliblarini aniqlash hamda shikoyat va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda amalga oshirilishi;
- davlat mulkini xususiylashtirilayotgan kompaniyalarning xususiy hammulkdorlariga ochiq savdolarsiz, “baholangan qiymat” bo‘yicha sotish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish (bunday amaliyotga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida yuqorida tilga olingan maqolamda yozganman).
Umid qilamizki, rejalashtirilgan xususiylashtirish muvaffaqiyatli amalga oshadi hamda to‘liq shaffoflik, barcha potensial xaridorlar uchun teng imkoniyat va halol raqobat ta’minlangan sharoitlarda o‘tkaziladi.
Yuliy Yusupov

