Yangiliklar

05 Noyabr 2026

OʻZBEKISTON VA GERMANIYA TRANSPORT INFRATUZILMASI DAVLAT KOMPANIYALARINI BOSHQARISH VA TRANSFORMATSIYA QILISH SOHASIDAGI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KELISHIB OLDILAR

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodovning Germaniya Federal transport vazirligining Davlat ulushlari va aksiyadorlik ishtirokini boshqarish boʻlinmasi rahbari doktor Andreas Kerst bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Germaniya tomoni transport infratuzilmasining yetakchi kompaniyalarida, jumladan Deutsche Bahn AG va DB InfraGO AG, shuningdek avtomobil, suv va temir yoʻl transporti, aeroport va yoʻl infratuzilmasi sohalarida faoliyat yuritayotgan korxonalarda davlat ishtirokini boshqarish tajribasini taqdim etdi.

Muzokaralar davomida asosiy eʼtibor transport sohasidagi davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy va operativ samaradorlikni oshirish hamda strategik boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha Germaniya yondashuvlariga qaratildi.

Muhokamaning alohida yoʻnalishi Germaniyaning pullik avtomobil yoʻllarini boshqarish tajribasi boʻldi. Tomonlar tashkiliy va institutsional modellar, yoʻl infratuzilmasini moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilish yondashuvlarini, shuningdek tegishli amaliyotlarni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

Uchrashuv qatnashchilari professional hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat berdilar. Xususan, ekspertlik maslahatlashuvlarini tashkil etish, boshqaruv tajribasi bilan oʻrtoqlashish hamda davlat aktivlarini va transport infratuzilmasini boshqarish sohasida ishlayotgan mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini oʻtkazish muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha yaqin orada hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini, jumladan transport sektori davlat korxonalarini transformatsiya qilish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va mutaxassislarning professional vakolatlarini rivojlantirishni mustahkamlaydigan hamkorlik bitimini tayyorlash va imzolashga kelishib olindi.

Erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston davlat korxonalarini isloh qilishga Germaniya ekspertlik salohiyatini jalb etish va davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan xalqaro amaliyotlarni joriy etish uchun zamin yaratadi.

6 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech