2025-yil 2-oktabr sanasida Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) tashabbusiga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati va Germaniya Federal Moliya vazirligining Departamenti direktori Doktor Andreas Kerst boshchiligidagi delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlash joizki, Davlat aktivlari agentligi so‘ngi yillar davomida GIZ bilan faol va samarali hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, ushbu tashkilot ko‘magi bilan germaniyalik ekspertlar ishtirokida bir qator seminar va davra suhbatlari o‘tkazilib, qonunchilik loyihalari ko‘rib chiqilgan, shuningdek yuqori davlat organlari hamda Davlat aktivlari agentligi vakillari uchun Germaniyaga tajriba almashish safarlari tashkil qilingan.
Uchrashuvda, shuningdek Indecon Consulting (Germaniya) kompaniyasini rahbari Mattias Nem hamda “2026-2030 yillarda davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasi” loyihasini ishlab chiqish yuzasidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida ekspert sifatida jalb qilingan Bahodir Ataxanovlar ishtirok etdi.
Muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab olishga qaratildi.
Tadbir davomida qator muhim masalalar – davlat aktivlarini, ayniqsa davlat ko‘chmas-mulki obyektlarini samarali boshqarish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ilg‘or xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, qonunchilikni yana-da takomillashtirish, shuningdek,Germaniya tajribasi asosida korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar oʻzaro hamkorlik yildan-yilga kengayib, yangi mazmun kasb etayotganini alohida taʼkidladilar. Ayniqsa, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan yirik tashabbuslar–“Aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniyalik hamkorlar (jumladan Indecon Consulting)ning faol ishtiroki hamda hamkorlikda tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi “Korporativ boshqaruv kodeksi” loyihasi mamlakatimizda samarali va shaffof boshqaruv tizimini shakllantirish yoʻlida muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, Agentlik tomonidan 2026–2030-yillarga moʻljallangan Davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi. Mazkur hujjat davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish hamda davlat aktivlarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirishda asosiy yoʻl xaritasi boʻlib xizmat qiladi. Bu jarayonda germaniyalik ekspertlar bilan hamkorlik izchil davom ettiriladi.
Uchrashuvda Germaniyaning Federal koʻchmas mulk agentligi (BiMA)faoliyati, shuningdek yirik xolding kompaniyalari transformatsiya qilish, jumladan ular tarkibidagi shoʻba korxonalar va xizmatlarni xususiy sektorga oʻtkazish maqsadga muvofiqligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Davlat koʻchmas mulk obyektlarini yagona tizimda boshqarishning ushbu ilgʻor modeli Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirilgan holda tatbiq etilishi ,ushbu sohani raqamlashtirish mamlakatimizda davlat mulkini boshqarish sohasida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar davlat aktivlarini boshqarish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, xususiy sektor ulushini yanada oshirish va eng muhimi, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali koʻp yillik hamkorlikni strategik darajada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Germaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 3-oktyabr sanasida Farg‘ona viloyatiga amaliy safar tashkil etildi. Unda mehmonlar viloyatning madaniy va iqtisodiy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Safar davomida ular Rishton tumanidagi mashhur hunarmandlik markazida bo‘lib, o‘ziga xos kulolchilik sanʼati namunalari bilan tanishdilar. Shuningdek, Oltiariq tumanidagi serhosil uzumzorlar va namunaviy xonadon tomorqalarini ko‘zdan kechirib, Farg‘ona vodiysi aholisining mehnatsevarligi, zamonaviy yondashuvi va tabiat bilan uyg‘un hayot tarzidan chuqur taassurot oldilar.
Bu safar mehmonlarda Farg‘ona vodiysining bunyodkorlik ruhi, qadimiy anʼanalar bilan zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligini ifoda etuvchi betakror manzarasi haqida o‘chmas taassurot qoldirdi.

