Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan 16-sonli topshiriqning 4.4-bandi ijrosi doirasida, binolar va yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Turkiya Respublikasi Xususiylashtirish Administratsiyasi oʻrtasida imzolangan Anglashuv Memorandumi asosida muayyan muddatga xodimlar almashinuvi (temporary secondment) dasturi 2025-yil sentabr–oktabr oylarida amalga oshirildi.
Dastur doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlari joriy yilning 14–29-sentabr kunlari Turkiya Respublikasiga xizmat safari bilan tashrif buyurdilar. Xizmat safari Administratsiya tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida Anqara va Istanbul shaharlarida tashkil etildi.
Oʻquv amaliy safar davomida, xususiylashtirish jarayonlarida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, jumladan davlat xizmatlarini xususiylashtirish mexanizmlari, bundagi professional va barqaror yondashuv asosida ishlash tamoyillari chuqur oʻrganildi. Shuningdek, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar va obyektlarda xususiylashtirish jarayonlarining amaliy jihatlari bilan tanishildi.
Xizmat safari doirasida Turkiya Raqobat qoʻmitasi hamda Turkiya Gʻaznachilik va moliya vazirligiga tashriflar uyushtirilib, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati va ularni boshqarish amaliyoti boʻyicha taqdimotlar bilan tanishildi. Shu bilan birga, Turkiyada davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi qonunchilik asoslari tahlil qilindi. Xususan, “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun va unga oid qonunosti hujjatlari Xususiylashtirish Administratsiyasi mutaxassislari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Dastur davomida xususiylashtirilgan sohalarning natijalari, koʻchmas mulk va yer maydonlarini xususiylashtirish tartib-taomillari hamda yirik davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish tizimlari boʻyicha amaliy tajriba oʻrganildi.
Xodimlar almashinuvi dasturining navbatdagi bosqichi sifatida, joriy yilning 13–22-oktabr kunlari Turkiya Respublikasi Xususiylashtirish Administratsiyasi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga amaliy tashrifi tashkil etildi.
Mazkur oʻquv-amaliy dastur davomida mehmonlar:
Xususiylashtirish jarayonlarini huquqiy-institutsional asoslari, soʻnggi yillarda qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va ularning amaliy ijrosi va natijasi bilan tanishdilar.
Raqamli boshqaruv tizimlari, “E-Auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshirilayotgan jarayonlarni amaliy koʻrinishda oʻrgandilar. Bu tizimlar davlat mulkini boshqarishda shaffoflik, samaradorlik va ochiqlikni taʼminlaydigan zamonaviy raqamli yechimi ekanligi turk delegatsiyasi tomonidan taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, samaradorlikni oshirish, kuzatuv kengashlari faoliyatini kuchaytirish hamda KPI tizimini joriy etish, davlat aktivlarining yagona reestri yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Yakuniy uchrashuv Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilib, tashrif natijalari sarhisob qilindi va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʻnalishlari muhokama etildi.
Tomonlar 2026-yilda ham shunday oʻquv va tajriba almashish dasturlarini izchil davom ettirish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda davlat aktivlarini samarali boshqarish sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishib oldilar.
Xodimlar almashinuvi dasturi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy va madaniy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, davlat aktivlarini samarali boshqarish va xususiylashtirish jarayonlarida ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etishda muhim qadam boʻlib xizmat qilmoqda.
 
            
           
                                        
