Yangiliklar

25 Noyabr 2026

Davaktiv agentligi direktorining Xalqaro turizm yarmarkasi va birinchi Investitsiya forumidagi nutqi

HURMATLI XONIMLAR VA JANOBLAR!

HURMATLI INVESTORLAR VA FORUM ISHTIROKCHILARI!

Avvalo, barchangizni Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan Xalqaro turizm yarmarkasi va birinchi Investitsiya forumi bilan samimiy qutlayman.

Bugungi forumning oʻtkazilishi mamlakatimizda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyatini jahon hamjamiyatiga yanada keng namoyon etish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro turizm bozorida ham oʻz oʻrnini mustahkamlab bormoqda. Joriy yil boshidan buyon mamlakatimizga 11,6 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Soʻnggi ikki yilda uzoq xorijdan kelayotgan sayyohlarning mamlakatimizda oʻrtacha boʻlish muddati 6,5 kundan 8 kungacha uzaydi. Toʻlov qobiliyati yuqori boʻlgan sayyohlar ulushi 14 foizdan 21 foizga yetdi, bir sayyohning oʻrtacha xarajatlari esa 21 foizga oshdi.

Bu koʻrsatkichlar turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, mamlakatimizning xalqaro jozibadorligi ortib borayotgani va xizmatlar bozorida yangi iqtisodiy imkoniyatlar shakllanayotganining yaqqol ifodasidir.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlarning yirik tadbirlarini mamlakatimizda muntazam oʻtkazish, turizmning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish, jumladan, havo sharlari, paraplan va deltaplan xizmatlarini yoʻlga qoʻyish orqali sayyohlik mahsulotlarini diversifikatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Zero, turizmning rivojlanishi nafaqat xizmatlar eksportining oʻsishi, balki infratuzilma, qurilish, transport, mehmonxona biznesi va boshqa koʻplab tarmoqlarga yangi investitsiyalarni jalb etish uchun ham muhim omildir.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Iqtisodiyotning barqaror oʻsishi, raqobatbardoshlikni oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish, eng avvalo, xususiy sektorning faolligi hamda investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlarning mavjudligiga bogʻliq.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, xususiy mulkchilikni kengaytirish va xususiy sektorning iqtisodiy taraqqiyotdagi rolini kuchaytirish davlat iqtisodiy siyosatining strategik ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 2030 yilga qadar iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ushbu maqsadga erishishda davlat aktivlarini xususiylashtirish muhim iqtisodiy instrument boʻlib xizmat qiladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifasi ham aynan shu — davlat mulkini iqtisodiyotning samarali ishtirokchisiga aylantirish, xususiy kapital uchun yangi imkoniyatlar ochish va aktivlarning investitsiyaviy salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishdan iborat.

Bu boradagi faoliyatimiz faqat davlat aktivlarini sotish bilan cheklanmaydi. Biz xususiylashtirish orqali korxonalarga strategik investorlarni jalb qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etish va ularning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilganmiz.

Hurmatli investorlar!

Amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalariga toʻxtaladigan boʻlsam.

2026-yilning 11 oyi davomida umumiy qiymati 60,84 trln soʻmlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini savdoga chiqarildi (aktivlar – 52,69 trln soʻm, yer uchastkalari – 8,15 trln soʻm).

Xususiylashtirish natijasida 30,21 trln soʻmlik aktivlar va yer uchastkalari realizatsiya qilindi (davlat, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda tijorat banklari aktivlari – 23,78 trln soʻm yer qaʼri noqishloq yer uchastkalari –5,98 trln soʻm).

Prezidentimizning 2026-yil 28-avgustdagi PF – 177-son Farmonlari bilan 1 410 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli aktivlar va 8 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish belgilab berilgan.

Farmonda belgilangan aktivlardan 888 tasi 6,89 trln soʻmga ommaviy savdolarga chiqarildi, shundan 297 tasi 1 590 mlrd soʻmga realizatsiya qilindi, 591 tasi (5,3 trln soʻm) hozirda savdoda.

Oʻz navbatida, Farmonga asosan 84 ta aktivlar 1 million soʻm boshlangʻich qiymatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarildi hamda birinchi savdolarning oʻzida har bir aktiv boʻyicha oʻrtacha 20 nafar talabgor ishtirok etib, 4,5 mlrd soʻmga sotilgan. Aktivlarni sotib olishda savdo qadamlari soni oʻrtacha 500-martani tashkil etdi.

2026-yilda 37 mingdan ortiq 6 775 gektar 7,6 trln soʻmlik noqishloq yer uchastkalari ommaviy savdolarga chiqarildi, shundan 15 mingga yaqin 3 600 gektari yer uchastkalari 5,98 trln soʻmga realizatsiya qilindi. Hozirda 45 mingdan ortiq 6 083 gektar 4,5 trln soʻmlik noqishloq yer uchastkalari savdoda.

Farmonda bir qancha imtiyozlar belgilangan boʻlib, imtiyozlarni qoʻllagan holda 766 ta 9,82 trln soʻmlik aktivlar takror savdoga chiqarildi.

Eng muhimi, xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investitsiyalar keng jalb qilinmoqda.

2026-yilning oʻtgan davrida xorijiy investorlarga 5,2 trln soʻmlik davlat aktivlari realizatsiya qilindi. Jumladan:

“Universal Mobile Systems” MCHJdagi 100 foiz davlat ulushi – 4 212 mlrd soʻmga “JVR Enterprises LLC”ga (AQSH),

“UzChasys” MCHJ QKdagi 70 foiz davlat ulushi – 333 mlrd soʻmga “BEST PIPE AND PARTS” AJga (Janubiy Koreya);

Yashnobod tumanida joylashgan Noturar bino – 206,4 mlrd soʻmga “BALTON TRADING (ASIA)” MCHJga (Singapur);

Shayxontohur tumanida joylashgan Noturar bino (Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining sobiq maʼmuriy binosi) – 196,6 mlrd soʻmga chet el ishtirokidagi “Hamkorbank” ATBga (Niderlandiya);

Andijon shahrida joylashgan “Uz-Dong Yang Kompani” MCHJ QKdagi 38,5 foiz davlat ulushi – 124,9 mlrd soʻmga “HE STEEL GROUP KO” MCHJ XKga (Xitoy);

Yunusobod tumanida joylashgan Noturar bino (Sport vazirligining sobiq maʼmuriy binosining bir qismi) – 101,9 mlrd soʻmga “Ipak yoʻli” AITBga (Germaniya) realizatsiya qilindi.

Ushbu bitimlar xususiylashtirishning iqtisodiy samarasi faqat byudjetga tushum bilan oʻlchanmasligini koʻrsatadi. Ularning muhim natijasi — korxonalarga yangi kapital, zamonaviy texnologiyalar, xalqaro tajriba va qoʻshimcha investitsiyalarning kirib kelishidir.

Biz uchun xususiylashtirilgan har bir korxonaning keyingi rivojlanishi, ishlab chiqarish hajmining oshishi, yangi ish oʻrinlarining yaratilishi va bozordagi raqobatbardoshligi mustahkamlanishi alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, investorlar uchun nafaqat jozibador aktivlarni taklif etish, balki ularni xarid qilish va keyingi rivojlantirish uchun qulay moliyaviy mexanizmlarni yaratish ham muhim hisoblanadi.

Shu maqsadda PF–177-son Farmon bilan investorlarning moliyaviy imkoniyatlarini inobatga oluvchi bir qator yangi imtiyoz va toʻlov mexanizmlari joriy etilmoqda.

Birinchidan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xarid qilishda boshlangʻich toʻlovni 15 foiz miqdorida amalga oshirish, qolgan summani esa foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilmoqda.

Ikkinchidan, belgilangan qiymat mezonlariga muvofiq keladigan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini 6 oy ichida toʻliq toʻlagan investorlarga 25 foizlik chegirma taqdim etiladi.

Uchinchidan, davlat aktivlari va yer uchastkalarini xarid qilishda investorlarga moslashuvchan toʻlov shartlari taklif etilmoqda. Xususan, xarid qiymatining 50 foizini 6 oy ichida toʻlash orqali qolgan qismini 7 yilgacha, yoki 35 foizini 3 oy ichida toʻlash orqali qolgan qismini 5 yilgacha foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati mavjud.

Toʻrtinchidan, davlat aktivi qiymatining kamida 50 foizi toʻlanganidan soʻng uni rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash ishlarini boshlashga ruxsat beriladi.

Ushbu mexanizmlar investorlarning dastlabki moliyaviy yukini kamaytirish, investitsiya loyihalarini tezroq amalga oshirish va xarid qilingan aktivlarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Boshqacha aytganda, biz investorlarga nafaqat aktivlarni xarid qilish, balki ularni qisqa muddatlarda iqtisodiy aylanmaga kiritish va rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlarni yaratmoqdamiz.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarida koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalaridan samarali foydalanishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu boradagi eng yirik tashabbuslardan biri — Yangi Toshkentni barpo etish loyihasidir.

Mazkur loyiha doirasida yangi shaharning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, ijtimoiy va maʼmuriy obyektlarni barpo etish, shuningdek, xususiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirga qadar Yangi Toshkent loyihasiga 2 milliard AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritildi. Yil yakuniga qadar 20 mingta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan boʻlib, bu kamida 70 ming nafar aholi uchun yangi yashash muhitini yaratish imkonini beradi.

Shu bilan birga, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy qurilish materiallarini xarid qilish uchun 200 million AQSH dollarlik kredit liniyasi ochilishi koʻzda tutilgan.

Yangi Toshkentning iqtisodiy va ishbilarmonlik markaziga aylanishida davlat boshqaruvi organlarining bosqichma-bosqich koʻchirilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda Qurilish, transport va energetika sohalaridagi vazirliklar yangi shaharda faoliyat yuritmoqda. Boshqa davlat organlari uchun ham maʼmuriy binolar qurilmoqda.

Bu jarayonning muhim iqtisodiy jihati shundaki, vazirlik va idoralar koʻchirilgandan soʻng boʻshaydigan maʼmuriy binolar ochiq elektron auksionlar orqali xususiy sektorga taklif etilmoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi dastlabki natijalardan biri sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maʼmuriy binosi 251,6 milliard soʻmga realizatsiya qilinganini qayd etish mumkin.

Umuman, bugungi kunga qadar Toshkent shahrida vazirlik va idoralarga tegishli 8 ta maʼmuriy bino 1 trillion 120,4 milliard soʻmga sotildi.
Bu mablagʻlar Yangi Toshkent shahrida zamonaviy maʼmuriy infratuzilmani shakllantirishga yoʻnaltirilmoqda.

Ayni paytda, taqdimotda koʻrib turganingizdek, investorlar eʼtiboriga nafaqat Toshkent shahrining markaziy hududlarida joylashgan istiqbolli koʻchmas mulk obyektlari, balki turli sohalarda faoliyat yuritish uchun moʻljallangan tayyor investitsiyaviy loyihalar ham taqdim etilmoqda.

Xususan, ular qatorida mamlakatimizning turistik jozibador hududlarda joylashgan mehmonxonalar, zamonaviy biznes markazlari, savdo-koʻngilochar majmualar, shuningdek, kanat yoʻllari kabi infratuzilma obyektlari mavjud.

Mazkur takliflarning muhim jihati shundaki, ularning aksariyati shakllangan infratuzilmaga va faoliyat yuritish uchun zarur sharoitlarga ega boʻlgan tayyor biznes aktivlaridir. Bu esa investorlarga noldan yangi loyiha tashkil etishga vaqt va qoʻshimcha resurslar sarflamasdan, mavjud biznesni xarid qilish, uni boshqarish, modernizatsiyalash va rivojlantirish imkonini beradi.

Ishonchimiz komilki, ushbu aktivlar mehmonxona biznesi, tijorat koʻchmas mulki, savdo va koʻngilochar xizmatlar hamda turizm infratuzilmasi sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy investorlar uchun katta qiziqish uygʻotadi.

Barcha manfaatdor investorlarni ushbu obyektlar bilan yaqindan tanishishga, ularning investitsiyaviy salohiyatini baholashga va ochiq savdolarda faol ishtirok etishga taklif etamiz.

Yangi Toshkentda yer uchastkalarini xususiylashtirish yoʻnalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Joriy yilda umumiy maydoni 108,1 gektar boʻlgan 62 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarildi. Ularning boshlangʻich qiymati 929,9 milliard soʻmni tashkil etdi. Shundan 54 ta yer uchastkasi muvaffaqiyatli sotildi. Ularning umumiy maydoni 94,5 gektarni tashkil etib, boshlangʻich qiymati 792,7 milliard soʻm boʻlgan mazkur uchastkalar jami 1 trillion 355,9 milliard soʻmga realizatsiya qilindi.

Bu boshlangʻich qiymatga nisbatan sezilarli oʻsish boʻlib, ochiq auksion mexanizmlarining samaradorligi va raqobat muhitining shakllanganini koʻrsatadi. Ayni paytda, umumiy maydoni 13,69 gektar boʻlgan yana 8 ta yer uchastkasi auksion savdolarida turibdi. Ularning taklif etilayotgan umumiy qiymati 11,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Hurmatli ishtirokchilar!

Bu, oʻz navbatida, xalqaro va mahalliy investorlar uchun yangi bozorlarga kirish, oʻz biznesini kengaytirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida oʻz oʻrnini egallash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Bizning asosiy tamoyilimiz — xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik, raqobat va barcha investorlar uchun teng shart-sharoitlarni taʼminlashdir.

Hurmatli investorlar!

Bugungi forum doirasida sizlarga iqtisodiyotning turli tarmoqlarini qamrab olgan keng koʻlamli investitsiya takliflari portfelini taqdim etmoqdamiz.

Sizlarni Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlari va xususiylashtirish jarayonlarining faol ishtirokchisi boʻlishga, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga hamda oʻzaro manfaatli, uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga taklif etaman.

Oʻzbekiston investorlar uchun ochiq! Biz hamkorlikka tayyormiz va birgalikda yangi iqtisodiy natijalarga erishishga ishonamiz! Eʼtiboringiz uchun rahmat!

12 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech