Amerika–O‘zbekiston biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodovning Nasdaq, Inc. (xalqaro birja) direktorlar kengashi raisining ijrochi o‘rinbosari Edvard C. Hayton bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kapital bozorini rivojlantirish, xususiylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlarini joriy etish sohalarida xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda kompaniyalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro kapitalni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish va samarali korporativ boshqaruv muhitini shakllantirish masalalarida Nasdaq tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekistonda davlat korxonalarini transformatsiya qilish jarayonida xalqaro yondashuvlarni qo‘llash va ularning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Erishilgan kelishuvlar Davlat aktivlari agentligi va Nasdaq o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, zamonaviy korporativ boshqaruv va milliy kapital bozorini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tajriba va ekspertlik bilimlari almashinuvi uchun asos yaratadi.
Ma’lumot uchun: Nasdaq — kapital bozori ishtirokchilari uchun infratuzilmaviy, texnologik va konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish va kompaniyalar faoliyati shaffofligini oshirishga ko‘maklashuvchi yirik xalqaro birja guruhlaridan biri.

