Yangiliklar

12 Noyabr 2026

TOSHKENTDA YILNING ASOSIY BIZNES TADBIRI – O‘ZBEKISTON INVESTITSIYA IMKONIYATLARI TAQDIMOTI ROADSHOWSI BO‘LIB O‘TADI

2026-yil 27-noyabr kuni Toshkent xalqaro biznes-markazida Davlat aktivlari agentligi tomonidan tashkil etilayotgan O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlarini namoyish etuvchi an’anaviy Roadshow bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik tadbir olti yildan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan hududiy tadbirlarning yakuniy bosqichi hisoblanadi.

Forumda Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov, xalqaro moliya institutlari, O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, mahalliy va xalqaro tadbirkorlar hamda investorlar ishtirok etadi.

Roadshowni o‘tkazish ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va mamlakatga investitsiyalarni jalb qilishda muhim strategik ahamiyatga ega. Tadbir ishtirokchilarga istiqbolli obyektlar haqida dolzarb ma’lumotlarni olish, B2G va B2B uchrashuvlari formatida davlat idoralari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda mol-mulkni sotib olishning yangi vositalari bilan tanishish uchun imkoniyat yaratadi. Bunday tashabbuslar xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, foydalanilmayotgan obyektlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay va ochiq shart-sharoitlarni yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Roadshow davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28-avgustdagi PF-177-son Farmoniga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur Farmon bilan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan yangi xususiylashtirish dasturi tasdiqlangan. Ishtirokchilarga davlat mulkini xususiylashtirish va ijaraga berish sohasida ushbu hujjatda nazarda tutilgan zamonaviy imtiyozlar va mexanizmlar, jumladan, soddalashtirilgan xarid tartibi, xususiy kapital uchun kengaytirilgan imtiyozlar va investorlar uchun yangi kafolatlar batafsil tushuntiriladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar biznes-tashabbuslarni amalga oshirish uchun savdoga qo‘yiladigan yangi aktivlar, yer uchastkalari va talab yuqori bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tadbir rasmiy qismi yakunida investorlar va biznes vakillari bilan yakka tartibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Roadshow tadbirkorlik subyektlarini savdoga qo‘yilgan obyektlar, xususiylashtirishning amaldagi mexanizmlari va davlat mulkini sotib olishning mavjud vositalari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan. Bularning barchasi investorlar doirasini kengaytirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sish uchun davlat salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi davlat mulkini boshqarish, xususiylashtirish va undan samarali foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, shuningdek, xo‘jalik jamiyatlarida davlat aksiyadori sifatida uning manfaatlarini ifodalovchi davlat organi hisoblanadi. Har yilgi Roadshow doirasida agentlik tadbirkorlar va investorlarga mamlakatimiz hududlari va poytaxtda xususiylashtiriladigan davlat aktivlari, korxonalarning aksiyalar paketlari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etib, biznesni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni boshlash uchun keng imkoniyatlarni namoyish etadi.

 

Davlat aktivlari agentligi

Matbuot xizmati

 
5 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech