O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida davlat mulkidagi qishloq xo‘jaligi va o‘rmon yerlarini boshqarish, shuningdek, ularni ijaraga berish hamda xususiylashtirishga ixtisoslashgan BVVG (Bodenverwertungs- und -verwaltungs GmbH) davlat kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari kompaniyaning tashkiliy tuzilmasi, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, yer resurslarini boshqarish bo‘yicha strategik yondoshuvlar hamda Germaniya Federal ko‘chmas mulk agentligi (BImA) va boshqa davlat muassasalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini o‘rgandilar.
Germaniyaning qishloq xo‘jaligi va o‘rmon yerlarini boshqarish, jumladan, yerlarni xatlovdan o‘tkazish (inventarizatsiya), ularning iqtisodiy salohiyatini baholash, ijaraga berish, ochiq savdolarni o‘tkazish va shartnomaviy munosabatlarni kuzatib borish tajribasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Germaniya yondashuvining muhim xususiyati shundaki, xususiylashtirish o‘z-o‘zidan maqsad emas, balki yer resurslarini samarali boshqarish vositalaridan biri sifatida ko‘riladi. Bunda yerdan oqilona foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, mulkdorlar safini kengaytirish va yer aktivlaridan uzoq muddatli iqtisodiy daromadni taʼminlash yo‘lida sharoit yaratish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston tomonida, shuningdek, yer uchastkalarini baholash, ulardan keyinchalik foydalanish istiqbollarini aniqlash va davlat yer resurslarini tasarruf etishning eng samarali shakllarini tanlash mexanizmlari katta qiziqish uyg‘otdi.
Yer aktivlarini boshqarishning raqamli vositalarini, jumladan, VESTA tizimini o‘rganish alohida yo‘nalish bo‘ldi. Delegatsiya vakillari ushbu tizimning imkoniyatlari va uni Germaniya kompaniyasi faoliyatida qo‘llash amaliyoti bilan batafsilroq tanishishga istak bildirdilar.
Bundan tashqari, BVVG, BImA va Germaniyaning boshqa federal tuzilmalari o‘rtasida vakolatlarni taqsimlash amaliyoti ko‘rib chiqildi. Xususan, davlat yer aktivlarini boshqarish sohasida qarorlar qabul qilishning izchilligini taʼminlovchi idoralararo hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Germaniya tajribasini o‘rganish O‘zbekiston uchun davlat yer resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish borasida amaliy ahamiyatga ega. Yerlarni xatlovdan o‘tkazish va baholash, ijara hamda realizatsiya qilish mexanizmlarini rivojlantirish, boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish va yer aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha yondoshuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Olingan bilimlar va ko‘rib chiqilgan amaliyotlar O‘zbekistonning iqtisodiy ustuvorliklari va xususiyatlarini hisobga olgan holda davlat yer resurslarini boshqarish milliy tizimini yana-da takomillashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

