Yangiliklar

08 Sentyabr 2026

O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonlari va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish jadallashmoqda

O‘zbekistonda davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, investorlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilmoqda va xususiy sektorning imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-177-son Farmoniga muvofiq, xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalari savdoga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqida Prezidentimiz joriy yil avgust oyida boʻlib oʻtgan tadbirkorlar bilan 6-ochiq muloqotda ta'kidlab o'tdi.

 

Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, ilgari sotilmagan 84 ta aktiv boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.

 

Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion so‘mni tashkil etadi. Ularni realizatsiya qilishdan yil yakuniga qadar kamida 14 trillion so‘m tushum olish kutilmoqda.

 

Farmon bilan tadbirkorlarning takliflari asosida davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, ularni xarid qilish yanada qulaylashtiriladi.

 

Xususan, aktivni xarid qilishda avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi (avval 35 foiz edi), qolgan miqdorni esa foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash mumkin bo‘ladi (avval o‘rtacha 14 foiz ustama qo‘llanilgan).

 

Yirik bitimlar uchun qo‘shimcha to‘lov shartlari ham belgilanadi:

  • aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorlarga 25 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi (avvalgi tartibga ko‘ra, to‘lov bir oy ichida to‘liq amalga oshirilganda 14 foiz chegirma berilgan);
  • aktiv qiymatining 35 foizini uch oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan miqdorni 5 yilgacha, 50 foizini olti oy ichida to‘lash sharti bilan esa 7 yilgacha foiz hisoblanmagan holda bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

 

Savdolarning samaradorligini oshirish maqsadida aktivlarni sotishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Agar aktiv uch oy davomida sotilmasa, narxni bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladi.

 

Ayrim hollarda “gibrid auksion” mexanizmi ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, u savdo jarayonida narxni pasaytirish va keyinchalik oshirish mexanizmlarini birlashtirish imkonini beradi.

 

Eng muhimi, ushbu yangi mexanizmlar va imtiyozlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni realizatsiya qilishda ham qo‘llanilishi mumkin.

 

Qabul qilingan hujjatda yer uchastkalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yer uchastkalarini “tayyor paket” tamoyili asosida sotish mexanizmi joriy etilib, bunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlanadi.

 

Shu bilan birga, yirik davlat oliy ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish hamda xususiy investorlar va moliyaviy vositalarni jalb etish imkoniyatlari yaratiladi.

 

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish davlatning iqtisodiyotning raqobatli tarmoqlaridagi ishtirokini yanada qisqartirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Axborot xizmati

6 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech