Yangiliklar

29 Avgust 2025

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Jamoatchilik kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Joriy yil 27-avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Jamoatchilik kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Jamoatchilik kengashi raisi, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov, Davlat aktivlari agentligi rahbarlari, masʼul xodimlar hamda hududiy va tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari ishtirok etdi.

 

 

Yigʻilishda raqamlashtirish jarayonlari, shaffoflikni taʼminlash masalalari, davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

 

Muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tizimli islohotlar doirasida davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha amaliy ishlar taʼkidlandi. Bunda, ushbu islohotlarni amalga oshirishda huquqiy baza yanada mustahkamlandi, yaʼni “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida” va “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlar qabul qilinishi mamlakatimizda tarixiy qadam sifatida qayd etildi.

 

 

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ulushiga ega korxonalar sonini olti baravarga qisqartirish vazifasi belgilangan. Bu yoʻnalishda soʻnggi toʻrt yilda 47 trillion soʻmlik davlat aktivlari xususiylashtirildi. Bu koʻrsatkich avvalgi oʻn yillikdan qariyb 30 barobar yuqori. Shu bilan birga, joriy yilgi xususiylashtirish hajmini 30 trillion soʻmga yetkazish va davlat byudjetiga 10 trillion soʻm tushum taʼminlash rejalashtirilmoqda.

 

 

Yigʻilishda Jamoatchilik kengashi faoliyatining ahamiyati ham alohida taʼkidlandi. Bobur Bekmurodovning fikricha, Kengash Davlat aktivlari agentligi va jamiyat oʻrtasida samarali muloqotni taʼminlaydigan “koʻprik” vazifasini bajaradi.

 

Sohadagi raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash

Davlat aktivlari agentligi tomonidan sohani raqamlashtirish va shaffoflik yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi. 2025-yilning birinchi yarim yilligi natijalariga koʻra, raqamli transformatsiya boʻyicha 91 ta davlat tashkiloti orasida Davlat aktivlari agentligi 95,5 ball bilan 2-oʻrinni egalladi.

 

 

Bu yo'nalishda, “Yerxususiylashtirish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi amaliyotga joriy qilinganligi alohida ta'kidlandi. Bu tizim orqali fuqarolar va tashkilotlar oʻz noqishloq yer uchastkalarini masofadan turib xususiylashtirib olish uchun my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali arizani topshirishi hamda barcha hujjatlarni QR kod bilan onlayn olishi mumkin. Jarayonlar toʻliq raqamlashtirilgan va inson omili cheklangan.

 

Xususiylashtirish natijalari

Davlat mulkini xususiylashtirish borasidagi asosiy natijalari va koʻrsatkichlari alohida taʼkidlandi.

 

 

Joriy yilning o'tgan davrida:

  • Savdoga chiqarilgan aktivlar: 25,9 trln soʻm;
  • Xususiylashtirish hajmi: 19,3 trln soʻm;
  • Joriy kunga qadar tushum: 6 trln soʻm;
  • Davom etayotgan savdolar: 3 491 ta aktiv, boshlangʻich qiymati 13,5 trln soʻm;
  • Tadbirkorlik subyektlariga 171,3 mlrd soʻm imtiyozlar berildi;

 

 

Yigʻilish yakunida kengash aʼzolari kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlar va ish rejasi loyihasini muhokama qilib, Jamoatchilik kengashi savollariga javoblar berildi.

 

Jamoatchilik kengashi Davlat aktivlari agentligi tizimida amalga oshirilayotgan choralarni ijobiy baholab, oʻz faoliyati doirasida Agentlikda ochiqlik va shaffoflik hamda hisobdorlikni taʼminlashga amaliy yordam koʻrsatilishi taʼkidlandi.

67 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech