Yangiliklar

06 Oktyabr 2026

Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi: yakunlar, yangi mexanizmlar va navbatdagi vazifalar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlikning 2026-yil 9 oylik faoliyati yakunlari, xususiylashtirishning yangi mexanizmlari, «E-auksion» elektron savdo platformasini rivojlantirish, shuningdek, Jamoatchilik kengashining kelgusidagi faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi.

 

Yig‘ilishni ochib bergan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqotni ta’minlashda Jamoatchilik kengashining muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

 

Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashiga Agentlikning 2026-yil 9 oylik faoliyati natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Xususan, xususiylashtirish hajmi 26 trln so‘mni tashkil etgani, umumiy qiymati 53,2 trln so‘mlik aktivlar va yer uchastkalari savdoga chiqarilgani qayd etildi.

 

Jamoatchilik kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-son Farmonida nazarda tutilgan yangi mexanizmlarga alohida e’tibor qaratildi. Yangi yondashuvlar doirasida tadbirkorlar uchun 15 foiz miqdorida avans to‘lovini amalga oshirish, qolgan summani foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash, shuningdek, belgilangan shartlar asosida 25 foizgacha chegirmaga ega bo‘lish imkoniyatlari nazarda tutilgan.

 

Jamoatchilik kengashi a’zolari «E-auksion» elektron savdo platformasi faoliyati natijalari bilan ham tanishdilar. Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar–sentabr oylarida 116 784 ta obyekt savdoga chiqarilgan bo‘lib, shundan 52 256 tasi realizatsiya qilingan. Savdolarda ishtirok etgan foydalanuvchilar soni 3 million nafardan oshgan.

 

Shuningdek, platformadagi raqamli yangiliklar — lotlarni tahlil qilishda sun’iy intellektdan foydalanish, obyektlarni xaritada ko‘rish, takliflarni taqqoslash va o‘xshash lotlarni izlash imkoniyatlari taqdim etildi. «E-auksion» platformasining yangilangan veb-versiyasi va mobil ilovasini ishga tushirish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi.

 

Yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri Jamoatchilik kengashining yangi raisini saylash bo‘ldi. Muhokamalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Odiljon Tojiyev Jamoatchilik kengashi raisi etib saylandi.

 

Avval Jamoatchilik kengashiga Bobur Bekmurodov rahbarlik qilgan. Raisni almashtirish to‘g‘risidagi qaror Jamoatchilik kengashi faoliyatini baholashning xolisligi va mustaqilligini ta’minlash zarurati bilan bog‘liq holda qabul qilindi. Xususan, Bobur Bekmurodov har yili jamoatchilik kengashlari faoliyatini baholab, ularning reytingini shakllantiradigan «Yuksalish» harakati vakili hisoblanadi. Shu munosabat bilan manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini bartaraf etish maqsadida jamoatchilik kengashlari faoliyatini baholovchi tashkilot bilan bog‘liq shaxs baholanayotgan kengashlardan biriga bir vaqtning o‘zida raislik qilmasligi lozimligi inobatga olindi. Shu bilan birga, deputat Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jamoatchilik kengashi tarkibida qoladi.

 

Shunday qilib, yangi raisning saylanishi Kengash faoliyatini baholashda xolislik, shaffoflik va mustaqillik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan.

 

Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Axborot xizmati

5 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech