Yangiliklar

07 Oktyabr 2026

AQSH ELCHISI BILAN INVESTITSIYAVIY HAMKORLIK VA XUSUSIYLASHTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligida AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, AQSh ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov O‘zbekiston-AQSh munosabatlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidlab, mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari hamda xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligi haqida ma’lumot berdi.

 

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda xususiylashtirilishi rejalashtirilgan davlat aktivlarini AQShning ishbilarmon doiralari va salohiyatli investorlariga keng targ‘ib qilish, mazkur aktivlarga xorijiy investorlarning qiziqishini oshirish hamda investitsiya loyihalariga AQSh kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

 

Xususan, yirik va strategik davlat aktivlari bo‘yicha tayyorlangan investitsiya materiallarini AQShning yetakchi kompaniyalari, tarmoq assotsiatsiyalari va sanoat guruhlariga maqsadli ravishda yetkazish, shuningdek, yangi xususiylashtirish dasturini AQSh biznes doiralari uchun taqdim etishga qaratilgan investitsiyaviy “Road Show” tadbirini tashkil etish taklif qilindi.

 

Bundan tashqari, davlat mulki obyektlarini samarali boshqarish va xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha AQSh ishbilarmon doiralari va investorlarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

 

 

Davlat aktivlari Agentligi

Matbuot xizmati

5 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech